Bosh prokuratura Akademiyasida tuman (shahar) prokuraturalari tergovchilari ishtirokida “Tergovga qadar tekshiruv o'tkazishning ayrim masalalari” mavzusida masofaviy malaka oshirish kursi boshlandi.
Kurs dasturi tinglovchilar ehtiyojlari asosida tuzilgan bo'lib, hodisa sodir bo'lgan joyni ko'zdan kechirish, ekspertiza tekshiruvlari uchun namunalar olish, ashyoviy dalilarni ko'zdan kechirish va daliliy ashyo deb e'tirof etish masalalarini qamrab olgan.
Shu bilan birga, o'quv kursi mashg'ulotlari doirasida shaxsda tabiiy o'lim holati qayd etilganligi, shaxsi noma'lum murda topilganligi, shuningdek bedarak yo'qolgan shaxsni qidirib topishga qaratilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o'tkazish tartibiga oid mashg'ulotlar o'rin olgan.
Mazkur masofaviy o'quv kursi tergovchilarning zamonaviy tergov uslublarini qo'llash borasida bilim va ko'nikmalarini mustahkamlash orqali tergov sifatini oshirishga qaratilgan.