Mustaqil izlanuvchilarning ilmiy faoliyati monitoring qilindi

Mustaqil izlanuvchilarning ilmiy faoliyati monitoring qilindi

Bosh prokuratura Akademiyasida ilmiy izlanish olib borayotgan mustaqil izlanuvchilarning faoliyati samaradorligini baholash bo'yicha yillik monitoring o'tkazildi.

Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 fevraldagi “Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi PF–4958-sonli Farmoni hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi “Oliy o'quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida”gi 304-son qarorining ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etildi.

Monitoring doirasida tadqiqotchilarning o'z ish rejalari asosida o'tgan yil davomida amalga oshirgan ishlari ko'rib chiqildi. Jumladan, dissertatsiya ishlarining bajarilishi, Oliy attestatsiya komissiyasi ro'yxatiga kiritilgan ilmiy jurnallar hamda Scopus tizimining davriy nashrlarida chop etilgan maqolalar, dissertatsiya natijalarining amaliyotga joriy etilishi bilan bog'liq hisobotlari tinglandi va tegishlicha baholandi.

Tajribali olimlar va mutaxassislardan iborat monitoring komissiyasi a'zolari tomonidan tadqiqotchilarga dissertatsiya ishini sifatli bajarish, shaxsiy rejalarni samarali amalga oshirish yuzasidan muhim yo'nalishlar va maslahatlar berildi.