2021 yil 4 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan boshqa davlat organlari hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalqiga Murojaatnomasida ko'tarilgan masalalarni o'rganish va keng targ'ib etishga bag'ishlangan “Yangi O'zbekiston: sinovlardan zafarlar sari” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis Senati a'zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish, Korrupsiyaga qarshi kurashish, Yoshlar ishlari bo'yicha agentliklari rahbar kadrlari, Savdo-sanoat palatasi xodimlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Bosh prokuratura Akademiyasi, JIDU, TDYUU rahbarlari, professor-o'qituvchilari, doktorantlar va tadqiqotchilari, OAV vakillari ishtirok etdilar.
Bosh prokuratura Akademiyasi markazi boshlig'i yu.f.d., professor M.Mamasiddiqov “Sud-huquq tizimini isloh etish va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlari” mavzusida ma'ruza qilib, Murojaatnomada aks etgan masalalarni to'laqonli amalga oshirish va hayotga tatbiq etish bo'yicha akademik hamjamiyat oldida turgan ustuvor vazifalar borasida to'xtalib o'tdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni sifatli va to'laqonli amalga oshirishga yo'naltirilgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish, ta'lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirish bo'yicha bir qator takliflarni ishlab chiqdilar.