Bosh prokuratura Akademiyasida Toshkent tabiatni muhofaza qilish va Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturalari, Qoraqalpog'iston Respublikasining Mo'ynoq tumanini rivojlantirishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat va Aydar-Arnasoy ko'llar tizimini rivojlantirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmalari xodimlari ishtirokida “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan prokuror nazorati” mavzusida masofaviy malaka oshirish kursi boshlandi.
Tinglovchilar ehtiyojlari asosida tuzilgan malaka oshirish kursi dasturida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini amaliy tashkil etishning dolzarb masalalari bo'yicha mashg'ulotlar nazarda tutilgan. Kurs materiallari atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, uni aniqlash va unga chek qo'yish borasida tinglovchilarning kasbiy malaka va kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.
O'quv kursi yakunida tinglovchilar tomonidan amaldagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, amaliyotda mavjud tizimli muammolar va kamchiliklar, ularni hal etish yo'llari hamda boshqa muhim ahamiyatga molik masalalar bo'yicha tahliliy materiallar tayyorlanadi.
Mazkur malaka oshirish kursi tinglovchilar asosiy ish joyidan ajralmagan holda to'liq masofadan amalga oshiriladi.
O'quv tadbirlari boshlanishiga tayyorgarlik ko'rish doirasida tinglovchilar uchun masofaviy kursni o'tash va amaliy topshiriqlarni bajarish tartibini tushuntirish, shuningdek boshqa tashkiliy masalalar muhokamasiga bag'ishlangan audiokonferensaloqa rejimida seminar tashkil etildi.