O'zbekiston Respublikasining 2016 yil 19 dekabrdagi Qonuni bilan 8 yanvar O'zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni etib belgilangan.
O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida ushbu sanaga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi muhim ustuvor yo'nalishlar belgilab olindi.
Kasb bayrami munosabati bilan xizmat vazifalarini vijdonan bajarib, qonun ustuvorligini ta'minlash, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilishda ijobiy natijalarga erishgan, kadrlarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish, xodimlarga prokuror-tergov ishining ilg'or yutuqlarini o'rgatish hamda prokuratura organlari faoliyatini ilmiy-metodik jihatdan ta'minlash ishiga salmoqli hissa qo'shgan Bosh prokuratura Akademiyasining 6 nafar xodimi O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining tegishli buyrug'i bilan rag'batlantirildi.
Shuningdek, prokuratura organlari xodimlari o'rtasida o'tkazilgan katta tennis bo'yicha turnirda faxrli o'rin egallagan Akademiya jamoasi a'zolari diplom va kuboklar bilan taqdirlandi.
Kasb bayrami doirasida Akademiyada o'tkazilgan tadbirda ham yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbuskorlik va alohida namuna ko'rsatgan Akademiya jamoasining bir guruh xodimlari samarali mehnati uchun Akademiya boshlig'i tomonidan rag'batlantirildi.