Bosh prokuratura Akademiyasida tuman (shahar) prokurorlarining va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning yordamchilari ishtirokida “Sudlarda voyaga yetmaganlarning jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritishda prokuror ishtirokining o‘ziga xos xususiyatlari” mavzusida navbatdagi malaka oshirish kursi boshlandi.
Kurs dasturi prokurorning voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergov va sudda qo‘yilgan talablar, ularga nisbatan jazo turlari va ularning qo‘llanish tartibi, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish asoslari kabi masalalarni qamrab olgan.
O‘quv kursi mashg‘ulotlari doirasida shuningdek, quyi turuvchi prokurorlarning sudlarda jinoyat ishlari ko‘rilishida prokuror vakolatini ta'minlash yo‘nalishi bo‘yicha faoliyatini baholashda e'tibor berilishi kerak bo‘lgan masalalar, sud hukmining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishda prokurorning roli, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat uchun jazo tayinlashning o‘ziga xos xususiyatlari, bunday ishlarning ko‘rilishida prokurorning protsessual huquq va majburiyatlariga oid mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
Mazkur malaka oshirish kursi tinglovchilarda sudlarda prokuror vakolatini ta'minlash va sud qarorlarini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish haqida nazariy bilimlar tizimini hamda ulardan foydalanishga oid amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.