Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash masalalari bo‘yicha treninglar turkumi tashkil etildi
Akademiya tomonidan BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha boshqarmasining (BMT GJB) Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida seminar-treninglar turkumi tashkil etildi.
Jumladan, “Uyushgan jinoyatchilik va giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq parallel moliyaviy tekshiruvlarni amalga oshirish va noqonuniy moliyaviy oqimlarga chek qo‘yish bo‘yicha O'zbekiston Respublikasining vakolatli organlari salohiyatini oshirish” loyihasi doirasida tadbir tashkil etildi.
Uyushgan jinoyatchilik va giyohvand moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq parallel moliyaviy tekshiruvlarni amalga oshirish va noqonuniy moliyaviy oqimlarga chek qo‘yish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari salohiyatini oshirishga qaratilgan amaliy simulyatsion trening uchun jinoyat ishi maketini va ushbu seminarning o‘tkazish jarayonida bevosita ishtirok etadigan milliy ekspertlar guruhini shakllantirish maqsadida joriy yilning 24-26 fevral kunlari Bosh prokuratura Akademiyasida seminar-trening tashkil etildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 1-3 mart kunlari terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida vakolatli organlar xodimlarining malakasini oshirish maqsadida “Terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish – tergov asoslari” mavzusida simulyatsion trening tashkil etildi.
Tadbirlar turkumini o‘tkazishda BMT GJB eksperti A. Romanovskiy, Markaziy Osiyoning mintaqaviy axborot muvofiqlashtiruvchi markazi xalqaro tashkilotining axborot-tahlil tarmog‘i xodimi T. Yevdokimova va Rossiya moliyaviy monitoring bo‘yicha Federal xizmati mas'ul xodimi M. Kolinchenko xalqaro ekspertlar sifatida jalb qilindi.
Tadbirlar jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida vakolatli organlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilib, mazkur sohada mamlakatning salohiyatini oshirish uchun qo‘yilgan qadamlardan biridir.