Bosh prokuratura Akademiyasida Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkilotining (GIZ) “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka komaklashish” mintaqaviy dasturining O‘zbekistondagi vakili bilan hamkorlikda “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararni undirishga oid sud amaliyotidagi muammolar” mavzusiga bag‘ishlangan respublika onlayn seminar-treningi o‘tkazildi.
Tadbirda Bosh prokuraturaning tegishli boshqarmalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekiston advokatlar Palatasi vakillari hamda viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning mas‘ul xodimlari ishtirok etdilar.
Xalqaro ekspert – Germaniyaning Oldenburg shahri birinchi instantsiya sudining raisi Xorst Frels tadbirda ma‘ruza qildi.
Seminar-trening davomida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararni undirishga oid sud amaliyoti va ushbu toifadagi ishlarning hal etilishida uchrayotgan tizimli muammolar yuzasidan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Seminar davomida mazkur toifadagi ishlarning hal etilishida xususiy mulk egalarining huquqlari va manfaatlari qonunda belgilangan tartibda himoya qilinishiga alohida e‘tibor qaratilib, qonunchilikda bu borada belgilangan tartib-taomillar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berildi.