O‘qitishning amaliy xususiyati va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikni ta'minlash maqsadida Akademiya magistraturasi tinglovchilarining hududiy prokuratura organlariga o'quv-amaliy tashrifi muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Magistratura tinglovchilarining navbatdagi o‘quv-amaliy tashrifi Bo‘stonliq tuman prokuraturasi va tuman prokurori boshchiligidagi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorda bo‘lib o‘tib, tinglovchilar tuman prokuraturasi va sektori faoliyatiga doir ma'lumot hamda hududda istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga oid rejalar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘quv-amaliy tashrif doirasida tinglovchilar Toshkent viloyati prokuraturasi organlari tizimida yaqinda tashkil etilgan yangi tuzilma – Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga tashrif buyurib, prokuratura tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, xususan, tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan samarali choralar to‘g‘risida batafsil ma'lumotga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida tumanning turistik va rekreatsion imkoniyatlari bilan tanishtirish maqsadida tinglovchilar turistik ob'ektlarga tashrif buyurib, u yerda ichki turizm, shuningdek xorijiy sayyohlarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tadbirlar taqdimoti bilan tanishdilar.