Bosh prokuratura Akademiyasida Germaniya Xalqaro hamkorlik tashkilotining (GIZ) “Markaziy Osiyoda huquqiy davlatchilikka ko‘maklashish” mintaqaviy dasturining O‘zbekistondagi vakili bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekiston advokatlar Palatasi vakillari hamda viloyat prokuraturalari va ularga tenglashtirilgan prokuraturalarning mas'ul xodimlari ishtirokida ma'muriy sud ishlarini yuritishda mavjud muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan respublika onlayn seminar-treningi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ma'muriy sudga taalluqli ishlar borasidagi nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi.
Seminar-treningda ma'muriy organlar qarorlari va ushbu organlar mansabdor shaxslarining harakatlariga oid nizolar, investitsiyaviy nizolar va raqobat to‘g‘risidagi ishlarning sudlarga taalluqlilik masalalarini aniqlashda ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan masalalar, idoraviy normativ-huquqiy hujjatni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi ishlarning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan qilingan ma'ruzalar bo‘yicha munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Ma'muriy sudlarga taalluqli ishlarni fuqarolik va iqtisodiy sudlarga taalluqli ishlardan ajrata olish, ushbu sudlarda ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari masalalariga alohida e'tibor qaratilib, qonunchilikda bu borada belgilangan normalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.