2021 yil 27-28 may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tashkil etilganligining 3 yilligiga bag‘ishlangan “Zamonaviy yuridik fan va ta'lim: dolzarb muammolar va ularni hal etish yo‘llari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya tashkil etildi.
Konferensiya maqsadi ta'lim jarayonida innovasion yondashuvlarni muhokama qilish, zamonaviy tahdidlarni inobatga olgan holda huquqni muhofaza qilish sohasi kadrlarini tayyorlash borasida tajriba almashish, korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, shuningdek inson huquqlarini ta'minlash sohalarida xalqaro standartlarni implementasiya qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Tadbir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi hamda “Mintaqaviy muloqot” XNNT ko‘magida tashkil etildi.
Anjuman yalpi va tematik sessiyalar shaklida tashkil etilgan bo‘lib, tadbirning birinchi kuni zamonaviy sharoitda ta'lim jarayonini tashkil qilishdagi muammolar, yuridik fan va huquqni qo‘llashning dolzarb muammolari, tergov faoliyatining dolzarb masalalari va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Sessiyalarda ilm-fan va ta'lim sohasidagi 250 dan ziyod xorijiy va milliy ekspertlar, shuningdek 20 dan ortiq davlat va 10 xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E.T.Yuldashev hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘ribosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik A.X.Saidov Akademiya tomonidan o‘tgan davr ichida erishilgan ijobiy natijalarga to‘xtalib, istiqboldagi vazifalarni alohida ta'kidlab o‘tdilar.
Konferensiyani tashkil etishda yaqindan hamkorlik qilgan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Elchi P'er fon Arks, “Mintaqaviy dialog” XNNT tashkilotining O‘zbekistondagi filiali rahbari Petra Gor'yup Akademiya jamoasini qutlab, trasmilliy uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquqlarini ta'minlash va boshqa muhim yo‘nalishlarda hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirishni kelgusida davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Hamkorlar Akademiyaning kasbiy yuridik ta'limni rivojlantirish, innovasion ta'lim va raqamli texnologiyalarni joriy etish, fan va ta'limning yuqori sifat standartlariga erishish borasidagi tashabbuslarini qo‘llab quvvatlash maqsadida ekanliklarini ta'kidlashdi.
Konferensiyada Germaniya Adliya akademiyasi direktori Sh.Yaggi, Fransiya magistratura maktabi direktorining o‘rinbosari E.Renar, Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg akademiyasi rektori A.Efremov, Turkiya Respublikasining Adliya akademiyasi prezidenti M.Uzdemir, Belarus' Respublikasi Tergov qo‘mitasi Malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti boshlig‘i Yu.Kameneskiy, Jinoiy faoliyatdan topilgan daromadlarni legallashtirish i terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro tarmoq institutining direktori V.Ovchinnikov, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Huquqni muhofaza qilish organlari akademiyasi rektori T.Suleymenov, Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhining Ijroiya kotibi S.Teterukov, Yevropa Kengashi Jinoyatchilikka qarshi kurashish departamentining Iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i M.Ferati, Yaponiya Adliya vazirligining Tadqiqotlar va malaka oshirish instituti Xalqaro hamkorlik boshqarmasi direktori T.Morinaga, Shvesiyaning Lund universiteti Huquq sosiologiyasi departamenti boshlig‘i I.Shul's, Germaniya xalqaro huquqiy hamkorlik jamg‘armasining markaziy Osiyodagi loyihalari rahbari A.Shmaynk va boshqa tashkilot va muassasalar rahbar va xodimlari ma'ruza bilan ishtirok etdi.
O‘tkazilgan yalpi yig‘ilish va tematik sessiyalar natijalariga ko‘ra, konferensiyaning huquqni muhofaza qilish sohasidagi ilmiy va ta'lim salohiyatini oshirish, idoralararo va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalari qabul qilindi.
Konferensiya ishi 28 may kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida inson huquqlarini ta'minlash, korrupsiyaga qarshi standartlarni implementasiya etish, shuningdek jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy aktivlarni tiklash masalalariga bag‘ishlangan parallel sessiyalar doirasida davom etadi.