Bosh prokuratura Akademiyasi xodimlari Uyushgan jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari malakasini oshirish Xalqaro maktabi (International School of Caserta, Kazerta, Italiya) tomonidan 2021 yil 24 may – 4 iyun' kunlari tashkil etilgan “Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro treningda ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari malakasini oshirish Xalqaro maktabi vakillari, shuningdek Italiya Jamoat xavfsizligi departamenti, Karabinerlar korpuslari Milliy polisiyasi, Moliyaviy gvardiya vakillaridan iborat amaliyotchilar tomonidan tinglovchilarga korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tajribasi, korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni aniqlash metodikasi, shuningdek, milliy va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning institusional va tashkiliy-huquqiy usullari borasida batafsil ma'lumot berildi.
Trening davomida huquqni muhofaza qilish organlarining ushbu sohadagi xalqaro hamkorlik amaliyotiga alohida e'tibor qaratildi.
Xalqaro trening ishtirokchilarning korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish borasidagi bilimlari ko‘lamini kengaytirish, shuningdek korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishni milliy va xalqaro darajalarda tashkil etish sohasida salohiyatini yuksaltirishga xizmat qildi.