Akademiya xodimlari korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro mutaxassislar uchun Koreya Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi (ACRC) tomonidan o‘tashkil etilgan xalqaro onlayn vebinarda qatnashdilar.
Korrupsiyaga qarshi kurashish va inson huquqlari bo‘yicha komissiya huzuridagi Korrupsiyaga qarshi ta'lim instituti (ACTI) ma'ruzachilari Koreya Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi huquqiy siyosat va institusional asoslar, korrupsiyaga qarshi strategiyalar, korrupsiyani o‘lchash, korrupsiyaviy jinoyatlarni tergov qilish, shuningdek poraxo‘rlikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro chora-tadbirlar kabi mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazdilar.
Vebinar davomida tinglovchilar AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya, shuningdek Koreya Respublikasining korrupsiyaga qarshi strategiyasini shakllantirish va amalga oshirish borasidagi milliy va hududiy darajadagi tajribasi, qonunchilik bazasi, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni tergov qilishning taktikasi va usullari, korrupsiya xavfini baholash, korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilishning institusional va tashkiliy-huquqiy tizimi bilan tanishdilar.
Tadbirda qatnashish Akademiya professor-o‘qituvchilariga va Bosh prokuratura xodimlariga korrupsiyaga qarshi tizimli kurashish sohasida o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni tergov qilishning ilg‘or xorijiy taktikasi va metodikasi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.