O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasi: natijalar va rivojlanish istiqbollari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasi: natijalar va rivojlanish istiqbollari

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga 2021/2022 o‘quv yili uchun nomzodlar qabuli boshlanmoqda.

Akademiya magistraturasiga nomzodlarni qabul qilish teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari, shuningdek ochiqlik va shaffoflik asosida, sub'ektivizm va inson omili asossiz ta'sirining har qanday ko‘rinishlarini istisno qilgan holda amalga oshiriladi.

Imtihon jarayonlari davlat organlari, oliy ta'lim muassasalari, shuningdek, “Buyuk kelajak” XNNT, “Yuksalish” umummilliy harakati, Yoshlar ittifoqi kabi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarining xolis kuzatuvi ostida o‘tkaziladi. Butun imtihon jarayoni OAV va Akademiyaning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali keng jamoatchilikka yoritib boriladi.

 


Veb-sayt: www.proacademy.uz

Facebook: www.facebook.com/ProsecutorAcademy

Instagram: www.instagram.com/proacademyuz/

Twitter: www.twitter.com/ProAcademyUz

 


Magistraturaga tanlov “Yurisprudensiya” mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasida o‘tkaziladi.

Akademiya magistraturasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish”, “Prokurorlik faoliyati” va “Tergov faoliyati”, shuningdek 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab “Inson huquqlari xalqaro huquqi” mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitish amalga oshiriladi.

2021/2022 o‘quv yilida 40 ta, shu jumladan davlat granti bo‘yicha – 24 ta va to‘lov kontrakti asosida – 16 ta qabul kvotasi tasdiqlangan bo‘lib, ulardan:

– prokuratura organlari xodimlari uchun kvota – 20 ta (har bir yo‘nalish bo‘yicha 5 tadan);

– ochiq tanlov bo‘yicha kvota – 20 ta, shu jumladan davlat granti asosida 4 ta (har bir yo‘nalishda 1 tadan) va to‘lov kontrakti asosida 16 ta.

Akademiya magistraturasiga kirish imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazish jarayonlari innovasion yondashuvlar hamda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Xususan, nomzodlar tomonidan imtihon savollarini o‘z ichiga olgan imtihon biletlari tanlovi biletlar raqamini avtomatik generatsiya qiluvchi Akademiya tomonidan maxsus ishlab chiqilgan dastur orqali amalga oshiriladi. Nomzodlarga individual identifikasiya raqamlari beriladi, imtihon natijalari esa to‘liq shifrlanadi.

Magistraturaga o‘qishga qabul qilish jarayonini yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish, adolatli tanlov, xolislik va oshkoralikni ta'minlash maqsadida Bosh prokuror buyrug‘iga asosan Akademiya va prokuratura organlari xodimlari, yuqori nufuzga ega bo‘lgan huquqshunos olimlar va sud-huquq sohasi vakillaridan tashkil topgan komissiya va ekspert guruhlari tashkil etiladi.
Zarur hujjatlar, imtihonlar o‘tkazish shakli, baholash mezonlari hamda nomzodlarga qo‘yilgan talablar haqidagi ma'lumotlar Akademiyaning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida joylashtirib boriladi. 
Barcha nomzodlarga munosib tayyorgarlik ko‘rishlari uchun teng imkoniyatlarni yaratish hamda turli xil korrupsiyaviy omillarni cheklash maqsadida imtihon savollari (topshiriqlari) oldindan Akademiyaning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi (www.proacademy.uz).
Kirish imtihonlarini tashkil etish va o‘tkazishda nomzodlar bilimini to‘liq va xolisona baholashni ta'minlash, natijada eng munosib va iqtidorli tinglovchilarni tanlab olishga ustuvor ahamiyat beriladi. Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan iborat bo‘lib, bunda nomzodning bilim va ko‘nikmalari darajasi uning yozma va og‘zaki nutq ko‘nikmalari asosida baholanadi.

Yozma imtihon huquqiy mavzuda esse va chet tili bo‘yicha test savollaridan iborat bo‘ladi. Chet tili bo‘yicha tegishli sertifikatga ega bo‘lgan nomzodlarga ushbu imtihon turi bo‘yicha eng yuqori ball berilib, imtihon topshirishdan ozod qilinadi.
Mutaxassislik fanlari bo‘yicha yozma imtihon biletlari huquqshunoslik fanlari (fuqarolik, jinoyat, jinoyat-prosessual, mehnat huquqi va boshqalar) bo‘yicha esse mavzularidan iborat bo‘ladi.
Shu bilan birga, nomzodga taklif etilgan savollar orasidan o‘ziga eng yaqin bo‘lgan mavzuni tanlash imkoniyati beriladi, bu esa ularning qobiliyati va bilimlarini yanada yuqori darajada ochib berishga yordam beradi.
Mutaxassislik bo‘yicha yozma imtihondan muvaffaqqiyatli o‘tgan nomzodlar kirish imtihonlarining keyingi bosqichi – suhbatga kiritiladilar.

Suhbat jarayoni, yozma imtihon kabi onlayn tarzda translyasiya qilinadi.
Chet tili, yozma imtihon va suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar Akademiya magistraturasi tinglovchilari safiga qabul qilinadi.
Bugungi kunda Akademiyada yangicha fikrlaydigan, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni puxta egallagan hamda chuqur tahliliy qobiliyatga ega bo‘lgan yosh avlod kadrlarini tayyorlashga qaratilgan zarur ilmiy-ma'rifiy salohiyat shakllantirilgan.
Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlarni tayyorlashga qaratilgan ta'lim jarayoni ulkan professional tajribaga ega bo‘lgan Akademiyaning professor-o‘qituvchilari tarkibi hamda ilg‘or milliy, xorijiy va xalqaro ekspertlardan iborat ekspertlar jamoasi tomonidan ilg‘or innovasion dasturlarga asosan nazariyaning amaliyot bilan uyg‘unligini ta'minlagan holda olib borilmoqda.
Akademiyadagi o‘quv jarayonining muhim jihati shundaki, xorijiy mamlakatlarning davlat va huquqni muhofaza qiluvchi organlarida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan, o‘z sohasining tan olingan yetuk mutaxassislari bo‘lgan katta amaliy tajribaga ega xalqaro ekspertlar o‘quv mashg‘ulotlariga uzoq muddatga jalb etib boriladi.
Masalan, Akademiyaning xalqaro hamkorlari ko‘magida “Korrupsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisligi bo‘yicha o‘quv dasturlari Avstriyaning Vena shahridagi Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish akademiyasini ko‘p yillar mobaynida boshqargan Martin Kroytner va Sloveniyaning korrupsiyaga qarshi komissiyasi rahbari sifatida xizmat qilgan Goran Klemenchich kabi jahon miqyosidagi ekspertlar tomonidan ilg‘or xalqaro standartlar asosida takomillashtirilgan. 
O‘quv yili davomida yuridik ingliz tili moduli bo‘yicha yuridik hujjatlarni tuzish, yozma va og‘zaki kompetensiyalarni shakllantirishga alohida e'tibor qaratiladi. Shu bilan birga, bu jarayonga til sohiblari bo‘lgan – AQShlik ekspertlar Medison Krstich va Joshua Zaxarov jalb etildi. 
Yangi o‘quv yilida Shvesiyaning Lund universitetidan 2 nafar ekspert Akademiyada bo‘lib, o‘quv jarayonida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

 

Академиянинг суд жараёни, тергов-криминалистика ва тезкор қидирув жараёнларини имитация қилувчи махсус жиҳозланган ўқув хоналарида ўтказиладиган амалий ўқув машғулотлари тингловчилар томонидан ўзлаштирилган назарий билимларни қўллаш ҳамда зарур кўникма ва малакаларни шакллантиришга ёрдам беради ва шундай қилиб, амалиётга йўналтирилган learning by doing усули самарадорлигини намойиш этади.

Akademiya tinglovchilari Bosh prokuratura va hududiy prokuraturalar organlari, xususan sektorlar faoliyati bilan yaqindan tanishish, murojaatlarni ko‘rib chiqishda ishtirok etish va fuqarolarni bevosita qabul qilish, voqea joylariga chiqish, tergov-prosessual hujjatlarni rasmiylashtirishda qatnashish, kriminalistika taktikasi va texnikasini o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bilan birga, tinglovchilarda fuqarolarni qabul qilish, ularning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda hal etish bilan bog‘liq ilk ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida ular Bosh prokuraturaning murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi negizida tashkil etilgan yuridik klinikada amaliyot o‘tadiylar.
Shuningdek, talabalar uchun dala o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, ularning ko‘lamini kengaytirish yangi o‘quv yilida o‘quv jarayonini tashkil etishning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.

 

Akademiyada tinglovchilarning tanqidiy fikrlash, mas'uliyat, intizomga rioya qilish, yetakchilik, muloqotga kirishuvchanlik kabi shaxsiy sifatlari va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida psixologlarni jalb etgan xolda maxsus mashg‘ulotlar tashkil etiladi.
Akademiya akademik mobillik dasturlarini faol amalga oshirmoqda.
Xususan, ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida Akademiya magistraturasining 3 nafar tinglovchisi Shvesiyaning Lund universitetida tahsil oldi. Yangi 2021/2022 o‘quv yilida akademik mobillik doirasidagi mazkur amaliyot davom ettiriladi.

Академия кўмагида магистратура тингловчилари мунтазам равишда, жумладан, маърузачи сифатида, турли халқаро конференциялар, форумлар ва бошқа тадбирларда иштирок этишади. Ўтган давр ичида Япония, Германия, Швеция, Қозоғистон, Озарбайжон ва бошқа мамлакатларда ўтказилган тадбирлардаги иштироки тингловчилар бу орқали катта тажриба орттирдилар.

BMTning jinoyatchilikning oldini olish dasturi doirasida o‘tkazilgan Kioto Kongressi Yoshlar Forumida dunyoning turli mamlakatlaridan qatnashgan 150 nafardan ortiq yoshlar qatorida ishtirok etgan Akademiya tinglovchilari Yaponiya Adliya vazirligining tegishli sertifikatlari bilan taqdirlandilar.

Akademiyasi magistrantlari dissertasiya mavzusiga muvofiq bo‘lgan Yaponiya xalqaro hamkorlik tashkiloti (JICA) tomonidan tashkil etilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi” mavzusidagi xalqaro o‘quv kursida ishtirok etdi.
Shuningdek, magistratura tinglovchilari muhim tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha tashabbus bildirib keldilar.

BMTning korrupsiyaga qarshi Konvensiyasini implementasiya qilishga bag‘ishlangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Modeli – amaliy o‘yin belgilarini mujassam etgan konferensiya.

 

 

Akademiya tinglovchilari tashabbusi asosida Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashning dolzarb muammolari va bu sohada huquqbuzarliklarning profilaktikasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya. 
Yoshlar ittifoqi hamkorligida “moot court” formatida “Huquqni qo‘llashning yagona amaliyoti” masalalariga bag‘ishlangan 1-respublika tanlovi o‘tkazilib, unda Akademiya magistraturasi tinglovchilari bilan bir qatorda Qoraqalpoq davlat universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti magistratura talabalari ishtirok etdi (https://www.youtube.com/watch?v=F2RkXek7lpM). 
Magistratura tinglovchilarining ilmiy-tadqiqot faoliyati eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, o‘quv yili davomida diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Akademiya professor-o‘qituvchilari tinglovchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatiga ilmiy rahbar va ilmiy maslahatchi sifatida hamrohlik qilsa, Bosh prokuraturaning xodimlari amaliyotdan maslahatchi sifatida ularga amaldagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar tayyorlashga, magistrlik ishining prokuratura organlari amaliy faoliyati bilan uzviy bog‘liqligini ta'minlashga yaqindan ko‘mak beradilar.
Bundan tashqari, tinglovchilar dissertasiya mavzulariga mos ravishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, prokuratura, sud va ichki ishlar organlarida amaliyot o‘taydi.
Akademiyada huquq-tartibot va boshqa davlat idoralarida xizmat qilishni tanlagan iqtidorli va ijodkor huquqshunoslar uchun yuqori natijalarga erishish va kasbiy o‘sishda zarur bo‘lgan chuqur bilim va kasbiy ko‘nikmalarni egallashi uchun keng imkoniyatlar va ilmiy-ma'rifiy muhit yaratilgan.
Shunday qilib, agar siz qonunga xizmat qilish yo‘lida o‘qitish va ta'lim olish maqsadi bo‘lgan yetakchi mutaxassislar orasida bo‘lishni istasangiz, unda bu ilm dargohi siz uchun.
Sizlarni Bosh prokuratura Akademiyasida kutib qolamiz.

Ma'lumot uchun telefon: 71-202-04-96 (ichki:1775)