Bosh prokuratura Akademiyasi G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish bo‘yicha idoralararo tarmog‘i (ARIN–WCA) Kotibiyati vazifasini amalga oshirishi doirasida BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda mazkur tarmoq a'zo davlatlar vakillari uchun “Xalqaro miqyosda jinoiy aktivlarni qaytarish va ulardan foydalanish” mavzusida uch kunlik o‘quv treningi tashkillashtirdi.
Mazkur trening onlayn shaklda, tarmoqqa a'zo hamda kuzatuvchi bo‘lgan – Afg‘oniston, Ozarbayjon, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Eron mamlakatlaridan aktivlarni (mulklarni) qaytarish va boshqarishga mas'ul bo‘lgan vakolatli davlat organlarining 30 dan ortiq vakillari ishtirokida o‘tkazildi.
AQSh, Buyuk Britaniya va Gernsi davlatlaridan bo‘lgan xorijiy ekspertlar trening ishtirokchilari bilan xalqaro miqyosda jinoiy aktivlarni qaytarish va ulardan samarali foydalanish borasidagi o‘zlarining ijobiy tajribasi va ilg‘or amaliyoti bilan bo‘lishishdi.
Virtual guruhlarga bo‘lingan holda uch kun davomida hamkorlikda vazifalarni bajarish o‘quv treningi ishtirokchilariga aktivlarni qaytarish va ulardan foydalanish sohasidagi qonunchilik va uni amaliyotda qo‘llash borasidagi o‘z tajrilari bilan almashish, ushbu sohadagi yondashuvlar va yangiliklar bilan tanishish imkoniyatini yaratdi.