Bosh prokuratura Akademiyasida “Prokurorlarning malaka oshirish tizimi: o‘tmish saboqlari va zamonaviy tendensiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Konferensiya ishida Rossiya Federatsiyasi prokuraturasi universiteti, Belarus' Respublikasi Bosh prokuraturasi qonun ustuvorligi va huquq-tartibotni mustahkamlash muammolari ilmiy-amaliy markazi, Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasining xodimlari, professor-o‘qituvchilar, mustaqil izlanuvchilar va doktorantlar ishtirok etdilar.
Konferensiya ishi prokuratura organlari xodimlarining professional malaka oshirish tizimining paydo bo‘lish va uning shakllanish dinamikasini o‘rganish, ushbu yo‘nalishdagi olib borilgan ishlarning tarixiy jabhalarini tahlil qilish hamda bu borada yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan hozirgi kun nuqtai nazaridan to‘g‘ri xulosalar qilishga yo‘naltirilgan.
Tadbirda milliy va xalqaro ekspertlar prokuratura-tergov xodimlarini kasbiy tayyorlash va malaka oshirish tizimi tarixi va zamonaviy tendensiyalariga oid o‘zlarining tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Konferensiya bahs-munozalar tarzida davom etdi, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.