Nelson Mandela Xalqaro kunini nishonlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik boshqarmasi bilan hamkorlikda joriy yilning 13 iyul' kuni “O‘zbekiston Respublikasida jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish istiqbollari” mavzusida onlayn davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish sohasida faoliyat olib borayotgan vazirlik va idoralar, ilmiy va ta'lim muassasalarining vakillari hamda AQSh, Yevropa, Qozog‘iston
va Qirg‘iziston Respublikalaridan xalqaro ekspertlar ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida ishtirokchilar “BMTning Mahkumlar bilan munosabatda bo‘lishning minimal standartlari – Nelson Mandela qoidalari”ni tadbiq qilish, jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish borasidagi kompleks chora-tadbirlar, jumladan zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyasini ta'minlash, COVID-19 pandemiyasi davrida mahkumlar bilan munosabatda bo‘lish, probasiya xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslari, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida mahkumlarni axloqan tuzatish bo‘yicha tarbiyaviy ishlarning samaradorligini oshirish masalalari hamda ushbu sohadagi AQSh, Yevropa va MDH davlatlarining ijobiy tajribasini muhokama qilishdi.
Davra suhbati ishtirokchilari mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining himoyasini yanada ko‘proq ta'minlash maqsadida, jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish borasidagi islohotlarni davom ettirish lozimligini ta'kidladilar.