Dasturning maqsadlari
«Korruptsiyaga qarshi kurashish» magistratura dasturi (Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida huquq magistri) — O’zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan magistratura ta’limini tashkil etishning maxsus tartibi asosida amalga oshiriladigan, 60 ECTS kreditli, bir yillik kunduzgi dasturdir.
Dasturning asosiy maqsadi — yuqori darajadagi akademik ta’limni kasbiy amaliyot bilan uyg’unlashtirish. Korruptsiyaning oldini olish, davlat boshqaruvida halollik, korruptsiyaga qarshi komplaens, korruptsiya xavflarini baholash, manfaatlar to’qnashuvi, kasbiy odob-axloq, tashkiliy madaniyat, hisobdorlik, shaffoflik va dalillarga asoslangan siyosat ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratiladi.
Keyslarni tahlil qilish, muammoga asoslangan ta’lim, huquqiy va siyosat tahlili, simulyatsiyalar, tadqiqot loyihalari, kasbiy amaliyot va amaliyotchilar bilan hamkorlik orqali talabalar korruptsiya xavflarini aniqlash, amaldagi korruptsiyaga qarshi choralarni baholash hamda davlat muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususiy tashkilotlar va boshqa tegishli sohalar uchun mutanosib, amaliy va dalillarga asoslangan echimlarni ishlab chiqish qobiliyatini rivojlantiradi.
Dasturning xalqaro va qiyosiy-huquqiy yo’naltirilganligi bitiruvchilarni korruptsiyaning transchegaraviy va global jihatlariga echim topishga hamda turli huquqiy tizimlar va xalqaro standartlar bilan samarali ishlashga tayyorlaydi.
Rejalashtirilgan o’quv natijalari (bitiruvchi profili)
Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagandan so’ng bitiruvchilar quyida bilim, ko’nikma va kompetentsiyalar shaklida ifodalangan natijalarni namoyon eta oladilar:
A. Bilim va tushunish
- Korruptsiyani huquqiy, institutsional, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, xulq-atvoriy va axloqiy hodisa sifatida tizimli va tanqidiy tushunish
- Milliy huquqiy va institutsional tizimni UNCAC va boshqa xalqaro standartlar bilan qiyoslab tanqidiy baholash
- Davlat boshqaruvida halollik, korruptsiyaga qarshi komplaens, xavflarni baholash, manfaatlar to’qnashuvini boshqarish, shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlari
- Korruptsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish, aktivlarni qaytarish, davlat xaridlarida halollik va xususiy sektordagi korruptsiya
B. Intellektual va tadqiqot ko’nikmalari
- Milliy qonunchilik, xalqaro standartlar va qiyosiy-huquqiy yondashuvlarni tanqidiy tahlil qilish va qo’llash
- Korruptsiya xavflarini aniqlash va baholash, amaldagi chora-tadbirlar samaradorligini baholash
- Davlat muassasalari va xususiy tashkilotlar uchun dalillarga asoslangan echimlarni ishlab chiqish
- Magistrlik dissertatsiyasi bilan yakunlanadigan mustaqil tadqiqotni rejalashtirish va o’tkazish
C. Kasbiy va amaliy kompetentsiyalar
- Prokuratura xizmati, davlat boshqaruvi va komplaens sohasida kasbiy amaliyotda bilimlarni qo’llash
- Murakkab huquqiy va siyosatga oid xulosalarni aniq va samarali etkazish
- Mustaqil, axloqiy va mas’uliyatli qaror qabul qilish
- Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan mas’uliyatli foydalanish
Ta’lim usullari
Dastur asosan «teskari sinf» (flipped classroom) yondashuvini qo’llaydi. Talabalar darsdan oldin Akademiyaning Ta’limni boshqarish tizimi (LMS) orqali ma’ruza materiallari va adabiyotlarni mustaqil o’rganadi. Auditoriya soatlari muhokama, keys tahlili, hamkorlikda muammolarni hal qilish va bilimlarni amaliy qo’llashga sarflanadi.
Dasturda qo’llaniladigan asosiy usullar:
- Keyslarga asoslangan ta’lim — korruptsiya, komplaens, moliyaviy tergovlar va aktivlarni qaytarishga oid haqiqiy va modellashtirilgan holatlarni tahlil qilish
- Huquqiy laboratoriya — kichik jamoalar kengaytirilgan keys ustida ishlaydi, rollarni taqsimlaydi va asoslangan jamoaviy mahsulotni taqdim etadi
- Amaliyotchilar forumi — amaldagi keyslar va kasbiy tajriba bo’yicha ekspert-amaliyotchilar bilan tizimli uchrashuvlar
- Tadqiqotga asoslangan ta’lim — xalqaro akademik ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, adabiyotlarni tizimli sharhlash, dissertatsiyani bosqichma-bosqich tayyorlash
- Kasbiy amaliyot — prokuratura, huquqni muhofaza qilish, nazorat yoki komplaens muhitida 240 soat (8 ECTS)
Xalqarolashuv
Dastur o’quv rejasi bo’ylab korruptsiyaga qarshi kurashish va halollikka oid xalqaro standartlarni integratsiya qiladi, korruptsiyaning transchegaraviy va global jihatlarini (jumladan transmilliy pora berish, jinoiy daromadlarni legallashtirish va aktivlarni qaytarishni) qamrab oladi hamda turli huquqiy tizimlar va xalqaro kasbiy muhitda ishlash qobiliyatini rivojlantiradi.
Magistrlik dissertatsiyasi
Magistrlik dissertatsiyasi mavzusi dastur sohasi doirasida belgilanadi va dolzarb ilmiy-amaliy muammoni hal qilishga qaratilgan bo’lishi shart. Dissertatsiya asosiy matnining tavsiya etilgan hajmi 70–80 sahifani tashkil etadi. Rasmiy himoyadan oldin dissertatsiya dastlabki muhokama, ichki va tashqi taqrizdan o’tadi. Dastlabki himoyaga qo’yilish uchun kamida ikkita chop etilgan ilmiy maqola yoki konferentsiya tezisi talab etiladi.
Rasmiy himoya Yakuniy davlat attestatsiya komissiyasi tomonidan o’tkaziladi. Komissiya kamida besh nafar professor-o’qituvchi va mutaxassisdan iborat bo’ladi. Akademiyada ishlamaydigan tashqi olim yoki tajribali amaliyotchi komissiya raisi etib tayinlanadi.
Akademiya infratuzilmasi
Jismoniy infratuzilma 47 ta o’quv xonasini, shu jumladan 5 ta magistratura auditoriyasi, 11 ta ma’ruza zali, 14 ta seminar xonasi, 3 ta kompyuter laboratoriyasi va 160 ta kompyuterni qamrab oladi. Kutubxonada 132 ta o’rin, 25 ta kompyuter, 16 ta elektron ma’lumotlar bazasiga obuna (EBSCO, Springer, ProQuest, Web of Science va boshqalar) va 521 ta elektron resurs mavjud. Kampus hududining 70–75 foizi Wi-Fi bilan qamrab olingan.