Аkademiyada yuridik fanlar ixtisosliklari boʼyicha mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish boʼyicha navbatdagi tanlovning yakuniy bosqichi – talabgorlar bilan suhbat nihoyasiga yetdi.
Navbatdagi tanlovda ishtirok etgan 27 nafar talabgordan 23 nafari yoki 85 foizi prokuratura organlarida faoliyat koʼrsatayotgan amaliyotchi xodimlar va Bosh prokuratura Аkademiyasi magistraturasi bitiruvchilari hisoblanadi. Ushbu raqamlar prokuratura tizimidagi xodimlarda ilmiy tadqiqot ishiga qiziqish ortib borayotganligini, qolaversa Bosh prokuratura Аkademiyasida ilmiy tadqiqotlar bilan shugʼullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligidan dalolat beradi. Аkademiyada yuridik fanning barcha ixtisosliklari boʼyicha huquqning dolzarb muammolariga bagʼishlangan dissertatsiyalarni amalga oshirish imkoniyati ham mavjud.
Qabul jarayonida Bosh prokuratura Аkademiyasi, Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi milliy markazi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, Oʼzbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi universiteti yetakchi olimlari ishtirok etdi.
Saralash ikki bosqichdan, yaʼni talabgorlarning ilmiy tadqiqot olib borish koʼnikmalarini aniqlash va tanlangan mavzularining dolzarbligini baholashdan iborat boʼldi. Shuningdek, suhbatda komissiya aʼzolari tomonidan sud-huquq sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida ham savollar berildi.
Mustaqil izlanuvchilikka qabul qilish yuzasidan navbatdagi tanlov yakuni boʼyicha tegishli qaror qabul qilindi.