Bosh prokuratura Аkademiyasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xavflarini mintaqaviy darajada baholash boʼyicha loyiha guruhining uchrashuvi tashkil etildi.
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish boʼyicha xavflarni mintaqaviy darajada baholash va ularni kamaytirish boʼyicha tavsiyalar ishlab chiqish Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʼyicha Yevroosiyo guruhining 30–yalpi majlisida tasdiqlangan 2019–2023–yillarga moʼljallangan Yevroosiyo guruhi Strategiyasining yoʼnalishlaridan biri hisoblanadi.
Tashrifdan koʼzlangan maqsad "Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya Federatsiyasi" subregioni uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish boʼyicha mintaqaviy xavflar boʼyicha huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek xususiy sektor vakillari bilan oraliq xulosalarni muhokama qilishdir.
Baholashni amalga oshirish uchun Belarusь, Qirgʼiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʼzbekiston ekspertlari va Yevroosiyo guruhi Kotibiyati xodimlaridan iborat loyiha guruhi shakllantirilgan.
Loyiha guruhi tarkibiga Oʼzbekistondan Bosh prokuratura Аkademiyasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Ichki ishlar vazirligi vakillari kirgan.
Loyiha guruhi yigʼilishida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish tizimining samarali ishlashiga hissa qoʼshadigan, aniqlangan xavflarni minimallashtirishda foydali va Yevroosiyo guruhining boshqa mamlakatlari uchun qiziq boʼlgan eng samarali tajribalar muhokama qilindi.