Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan Turkiy Kengash davlatlari odil sudlov sohasidagi ta’lim muassasalarining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdilar.
Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Turkiy Kengash davlatlari vakillarining ta’lim muassasalari borasidagi ma’ruzalari eshitildi, Turkiy Kengash davlatlarining Odil sudlov sohasidagi ta’lim muassasalari assotsiatsiyasini tashkil etish masalalari, shuningdek, ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Xususan, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining prokuror kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasidagi tajribasi borasida ma’lumot berildi. Akademiya o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari va o‘qitish usullarini joriy etish masalalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir davomida Turkiya Odil sudlov Akademiyasiga tanishuv tashrifi tashkil etilib, unda ishtirokchilar Akademiya faoliyati va o‘quv infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Adliya vaziri A.Gul, Turkiya Oliy kassatsiya sudi raisi M.Akardja va Kassatsiya sudi Bosh prokurori B.Shahin bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Bundan tashqari, Turkiya Ma’muriy ishlar bo‘yicha Oliy sudiga, Sudyalar va prokurorlar Kengashiga, shuningdek, Anqara shahridagi Adolat saroyiga tashrif uyushtirilib, mazkur idoralar rahbariyatlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Tadbir iliq, do‘stona muhitda o‘tdi, tomonlar odil sudlov sohasida kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash maqsadida ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishdi.