Bosh prokuratura Akademiyasi rahbariyati va xodimlari Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘rtasidagi 2020–2021 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish doirasida Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi Sankt-Peterburg akademiyasining “Tergov organlarining tezkor-qidiruv faoliyati bilan shug‘ullanuvchi organlar bilan hamkorligining protsessual-huquqiy xususiyatlari” mavzusidagi idoralararo ilmiy-amaliy davra suhbatida ishtirok etdilar.
Tadbirni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasining Sankt-Peterburg akademiyasi rektori v.b. Ye.V.Yemelyanova hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi boshlig‘i Ye.V.Kolenko kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Bosh prokuratura Akademiyasi vakillari tadbirda tergov organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar bilan o‘zaro hamkorligiga oid dolzarb mavzularda ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Tadbirda shuningdek ilmiy va o‘quv muassasalari xodimlari, Rossiya Federatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari, shu jumladan Konstitutsiyaviy sud, Tergov qo‘mitasining Moskva akademiyasi, IIV Boshqaruv akademiyasi, IIV Barnaul yuridik instituti, Buryat davlat universiteti vakillari va boshqalar ishtirok etdilar.
Tadbir qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Unda jinoyat protsessida tezkor-qidiruv faoliyati natijalaridan foydalanish masalalari, tezkor-qidiruv tadbirlarida ashyolar va hujjatlarni olib qo‘yish, tezkor-qidiruv organlari xodimlari tomonidan majburlov choralarini qo‘llash, xorijiy davlat hududida tezkor-qidiruv faoliyatini olib borishning muammoli jihatlari hamda tergov va tezkor-qidiruv bo‘linmalarining o‘zaro aloqalarining boshqa tegishli jihatlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirish, shu jumladan qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, o‘quv dasturlari va modullarini takomillashtirish borasida kelishib oldilar.