Davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – davlatimiz bayrog‘idir.
Shu munosabat bilan joriy yilning 18-noyabr kuni Bosh prokuratura Akademiyasida Bosh prokuratura hamda Akademiya xodimlari, magistratura tinglovchilari, mustaqil izlanuvchilar va doktorantlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirga Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlari doktori, professor F.A.Muxitdinova taklif etildi.
Davra suhbatida “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi tarixi, uning davlat siyosiy hayotidagi ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari hamda bayrog‘imizning tavsifi haqida batafsil so‘z yuritildi.
Xususan, bayrog‘imiz o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondo‘stlikni mujassam etgani, milliy bayrog‘imizning davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning sha’ni, xalqimizning g‘ururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Akademiya magistraturasi tinglovchilari “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun, mazkur hujjatning jamiyat hayotidagi tutgan o‘rni hamda unga rioya etishning ahamiyati, ushbu Qonun talabi buzilganligi uchun javobgarlik masalalari haqida tushuntirish berdilar.