2021 yil 1 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi.
Shu kuni Akademiyaga Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari, yuridik litsey hamda Toshkentdagi Prezident maktabi o‘quvchilari, magistratura tinglovchilarining ota-onalari, shuningdek, OAV vakillari, blogerlar hamda internet jurnalistika sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar tashrif buyurdilar.
O‘quvchi va talaba yoshlar uchun Akademiya tomonidan ochiq dars tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tarixi hamda prokuratura organlarining bugungi kunda amalga oshirayotgan faoliyatiga oid atroflicha ma’lumot berildi. Ochiq dars multimedia imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘tkazilib, yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mehmonlarni prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasiga ekskursiya tashkil etildi.
Tadbir davomida o‘quvchi va talaba yoshlar bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etgan masofaviy ta’lim imkoniyatlari, shu jumladan zamonaviy o‘quv kontenti ishlab chiqiladigan multimedia studiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Akademiyaning maxsus poligonida ishtirokchilar tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo‘llash imitatsiyasida, shuningdek voqea joyini ko‘zdan kechirish va jinoyatni ochishga oid qiziqarli kvest musobaqasida ishtirok etishdi, ushbu sinovda g‘olib bo‘lgan zukko va bilimdon yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi.
Shu biolan birga, ekskursiya davomida mehmonlar sud protsessi imitatsiyasi xonasi, kriminalistika xonasi, elektron tir va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalar, shuningdek Akademiya o‘quv auditoriyalarida dars jarayonlarini kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.
Yuridik ta’lim muassasasalari o‘quvchilarida Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish” hamda joriy o‘quv yilidan boshlab kiritilgan “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” o‘quv dasturlari katta qiziqish uyg‘otdi. Yoshlar Akademiya magistraturasiga kirish va tahsil olish tartibiga oid savollariga atroflicha javob olishdi.
Yosh avlod vakillari Akademiya faoliyatini raqamlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish jarayonlariga oid ma’lumotga ega bo‘ldilar. Dasturiy ta’minotlar bilan tanishib, maxsus dasturlar vositasida tashkil etilgan qiziqarli bellashuvda ishtirok etdilar.
Tadbirda mehmonlar shuningdek qiziqarli psixologik test sinovida qatnashdilar, Akademiya tayanch doktoranti dissertatsiyasining kafedra muhokamasini kuzatdilar, shuningdek mobil kriminalistik avtolaboratoriya imkoniyatlari bilan tanishib oldilar.
Akademiyada ochiq eshiklar kuni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib bo‘ldi, bunday tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazib kelinadi.