O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi tomonidan Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda Talabalar ijtimoiy-media mackanida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati munosabati bilan “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Intellektual o‘yinda Akademiya magistraturasining “Prokurorlik faoliyati”, “Tergov faoliyati”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish”, “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” yo‘nalishlarida tahsil olayotgan tinglovchilardan iborat 4 jamoa bellashdi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Akademiya, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari, “Zakovat” intellektual o‘yini asoschisi Abdurasul Abdullayev, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘yin avvalida so‘z olganlar ishtirokchilarni Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 29 yilligi bilan tabriklab, joriy yilda ushbu muhim bayramga bag‘ishlab Akademiya magistraturasi tinglovchilari “Zakovat” teleo‘yini sifatida o‘tkazishga bel bog‘laganliklari ularning yuqori darajadagi intellektual salohiyati hamda milliy bayramlarimizni nishonlashga bo‘lgan ijodiy yondashuvining yorqin namunasi ekanligini ta’kidladilar.
Ushbu tadbir Akademiya tinglovchilarining milliy qonunchilik hamda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidan xabardorlik darajasi, shuningdek tinglovchilarning tezkor va mantiqiy fikrlash qobiliyatini yana bir bor baholash imkonini berdi.
O‘yin “Zakovat” intellektual o‘yinining professional boshlovchisi Abdurasul Abdullayev tomonidan tuzilgan huquqni muhofaza qilish sohasiga oid mantiqiy savollar asosida tashkil etildi.
Savollarga jamoalar tomonidan yozma javoblar taqdim etildi. Ishtirokchilar bilimini baholashda javoblarning tezkorligi, mantiqiy asoslanganligi, fikrning qisqa va ihcham tarzda bayon etilganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida taniqli san’atkorlar ishtirokida musiqiy dastur ham tashkil etildi.
Tadbir yakunida o‘yin g‘oliblari va faol ishtirok etgan ishtirokchilar Bosh prokurorning maxsus sovg‘asi hamda bir qator nominatsiyalar bo‘yicha faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.