Jinoyat ishlarini yuqori sud instansiyalarida ko‘rilishida sud prokuror amaliyotida yuzaga kelayotgan masalalarga oid respublika vebinari o‘tkazildi

Jinoyat ishlarini yuqori sud instansiyalarida ko‘rilishida sud prokuror amaliyotida yuzaga kelayotgan masalalarga oid respublika vebinari o‘tkazildi

 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida “Jinoyat ishlarini yuqori sud instansiyalarida ko‘rilishida sud prokuror amaliyotida yuzaga kelayotgan masalalar” mavzusida vebinar shaklida respublika seminar-treningi o‘tkazildi. 
Vebinarda Bosh prokuraturaning tegishli tarmoqlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining sudyalari,  O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Advokatlar Palatasining vakillari, Bosh prokuratura Akademiyasining professor-o‘qituvchilari, shuningdek joylardagi prokuratura idoralarining soha bo‘yicha xodimlari, Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahar, viloyatlar sudlarining sudlov hay’atlari sudyalari hamda  jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining sudyalari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir jinoyat ishlarini yuqori sud instansiyalarida ko‘rilishida protsessual asoslarni qo‘llashda mavjud bo‘lgan tizimli kamchilik va muammolarni muhokama qilish, muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan Jinoyat-protsessual kodeksga  kiritilgan so‘nggi yangiliklar va o‘zgartishlarni amaliyotda to‘g‘ri hamda bir xilda qo‘llanilishiga erishish borasida tushuntirishlar berishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. 
Seminar davomida yuqori sud instansiya sudlarida jinoyat ishlarini ko‘rilishining nazariy va amaliy  jihatlari, sud amaliyotidagi muammolar, shu bilan birga, mavzu doirasida sud va prokuratura xodimlari e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan holatlar qizg‘in mushohadaga sabab bo‘ldi.
Tadbir ishtirokchilarining ma’ruzalarida aniq misollar asosida yuqori instansiyada jinoyat ishlarini ko‘rilishida sud va prokuratura amaliyotida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xususida tushuntirishlar berib o‘tildi.
Ishtirokchilar fikricha, tadbirdan avval joylardan mavjud muammolarga oid ma’lumotlar yig‘ilib, ular yuzasidan muhokamalar o‘tkazilgani va tushuntirishlar berilgani mazkur vebinarning natijadorligini belgilab bergan muhim omil bo‘ldi.
Tadbir yakunida amaldagi qonunchilikni takomillashtirish borasida ham bir qator takliflar ilgari surilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.