Korrupsiyaga qarshi III akademik Simpoziumda ishtirok etildi

Korrupsiyaga qarshi III akademik Simpoziumda ishtirok etildi


Bosh prokuratura Akademiyasi BMT GJB tomonidan Misrning Sharm-esh-Sheyx shahrida tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi III akademik Simpoziumda ishtirok etdi. 
Tadbir BMT GJBning Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi global dasturi doirasida o‘tkazilib, ta’lim orqali korrupsiyani oldini olish borasida akademik harakatchanlikni amalga oshirishni nazarda tutadi. 
Simpoziumda 30 ta davlatdan 37 nafar ekspert ishtirok etdi. Tadbir davomida korrupsiya va gender tengligi masalalari, korrupsiyani o‘lchashda ilmiy yondashuvlar, korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi. 
Akademiya xodimi S.Inoyatullayev tadbirda ma’ruza qilib, ishtirokchilarni Akademiyaning korrupsiyaga qarshi faoliyati, xususan  korrupsiyaning sabab va omillarini aniqlash, uning oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot faoliyati, shuningdek  nafaqat prokuratura organlari, balki boshqa davlat organlari xodimlarini ham korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ta’lim faoliyati bilan tanishtirdi.
Mazkur tadbir korrupsiyaga qarshi ma’rifat yuzasidan tajriba va fikr almashish, shuningdek ishtirokchilarning korrupsiyaga qarshi ta’limni tashkil etish va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tadqiqotlarni amalga oshirish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.