Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi tomonidan prokuratura va ichki ishlar organlari tergovchilari uchun “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish masalalari” mavzusida hududiy o‘quv kursi o‘tkazildi.
Mazkur kurs kiberjinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha oraliq murakkablikdagi mintaqaviy kursning mantiqiy yakunidir.
Ma’ruzachi sifatida Buyuk Britaniyalik xalqaro ekspert, kiberjinoyatlarni tergov qilish sohasida ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassis J.Bleyk jalb etildi.
Kurs dasturida kiberjinoyatlarning asosiy turlari, tergov harakatlarining taktikasi, elektron dalillarni qidirib topish va olib qo‘yish, ma’lumotlarni aniqlash va to‘plash (OSINT), TOR-brauzerdan foydalanish, qora internet – “Darkweb”ga kirish va boshqa shu kabi dolzarb masalalar o‘rin olgan.
Tinglovchilar kurs davomida olgan bilimlarini amaliy topshiriqlarni bajarish jarayonida mustahkamladilar, shuningdek muhokama qilinayotgan mavzular yuzasidan fikr almashdilar.
Kurs davomida kiberjinoyatlarga tezkor chora ko‘rish va tergov qilishning barcha jihatlari, shu jumladan jinoyat sodir bo‘lgan joyni rejalashtirish, tayyorlash va ko‘zdan kechirish, raqamli dalillarni saqlash, shu jumladan ma’lumotlarni saqlash (Facebook, Instagram) hamda o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha so‘rovni rasmiylashtirish kabi masalalar qamrab olingani mazkur kursning amaliy natijadorligini oshirdi.
Kurs yakuni bo‘yicha tashkilotchilar tomonidan Bosh prokuratura Akademiyasi bilan hamkorlikda “Kiberjinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha mintaqaviy amaliy kurs” materiallar to‘plami ishlab chiqildi.
Mazkur to‘plam huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli organlar xodimlarida kiberjinoyatlarni milliy va transmilliy darajada tergov qilish borasidagi kompleks bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan.