Dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi

Dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 8 fevral kuni Bosh prokuratura Akademiyasi huzuridagi Ilmiy kengash yig‘ilishida Akademiya doktoranti D.D. Xamzayevning 12.00.07 ixtisosligi bo‘yicha “Transmilliy moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirish” mavzusida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiyasining himoyasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadqiqot doirasida transmilliy moliyaviy jinoyatlar, jumladan jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda idoralararo va xalqaro hamkorlik hamda terkor ma’lumotlar bilan almashish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari o‘rganilgan.

Dissertatsiyada xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa bir qator normativ-huquqiy hujjatlarga takliflar ilgari surilgan.

Dissertatsiya himoyasi natijasiga ko‘ra, Kengash a’zolari tomonidan tadqiqotchi yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun loyiq deb topildi.

Akademiya jamoasi Dilaver Xamzayevni dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilganligi bilan tabriklaydi va kelgusidagi ilmiy va kasbiy faoliyatida ulkan zafarlar tilaydi!