“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi bilan hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi bilan hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi

     2022 yil 11 martda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Ushbu tashabbus doirasida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Xususan, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha manzilli va predmetli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini birgalikda o‘tkazish, shuningdek, qonunchilik hujjatlarining mohiyatini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng yoritishga doir targ‘ibot va media materiallarni birgalikda ishlab chiqish va tarqatish kabi hamkorlik shakllari nazarda tutilgan.

Tadbir davomida tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan konstruktiv muloqotda hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar doirasida kelgusi hamkorlik istiqbollari hamda eng muhim yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan raqobatbardosh yuridik darsliklar, kodekslar va qonunchilik hujjatlariga sharhlar hamda turli huquqiy qo‘llanmalarni tayyorlab, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi ko‘magida chop etishga kelishib olindi.

Memorandumning imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga yangi kuch berib, ilmiy tadqiqotlarni yanada rag‘batlantirishga ulkan hissa qo‘shadi.




Ma’lumot uchun: “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi  aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targ‘ibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy e’lon qilish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi hisoblanadi. Shuningdek, qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini yuritish orqali huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini shakllantirish va doimiy ravishda yangilab borish, normativ-huquqiy hujjatlarva tegishli axborot-tahliliy materiallarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazilishini ta’minlash, autsorsing shartlarida yuridik adabiyotlar va rasmiy nashrlarning rasman chop etilishini ta’minlaydi.