Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Toshkent filialida tahsil olayotgan bir guruh talabalar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga tashrif buyurdilar.
Talaba yoshlar uchun Akademiya tomonidan ochiq dars tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasi tarixi hamda prokuratura organlarining bugungi kunda amalga oshirayotgan faoliyatiga oid atroflicha ma’lumot berildi.
Mehmonlarni prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Bosh prokuratura Akademiyasiga ekskursiya tashkil etildi.
Tadbir davomida talabalar bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etgan masofaviy ta’lim imkoniyatlari, shu jumladan zamonaviy o‘quv kontenti ishlab chiqiladigan multimedia studiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Akademiyaning maxsus poligonida tergov-kriminalistika taktikalari va metodikalarini amaliy qo‘llash imitatsiyasi bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazildi.
Shu bilan birga, ekskursiya davomida mehmonlar sud protsessi imitatsiyasi xonasi, kriminalistika xonasi, elektron tir va boshqa amaliy hamda vaziyatli mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun maxsus jihozlangan xonalarni ham ko‘rdilar.
Talabalar Akademiya magistraturasiga kirish va tahsil olish tartibiga oid savollariga atroflicha javob olishdi.