Akademiyada tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning yordamchilari ishtirokida “Sud ishlarini yuritish hamda sud qarorlari ijrosi masalalarida prokurorning roli va vazifalari” mavzusida malaka oshirish kursi o‘tkazilmoqda.
Mazkur malaka oshirish kursi aralash ta’limning “3+1” tizimi asosida tashkil etilgan bo‘lib, masofaviy o‘qitish va auditoriya mashg‘ulotlari tarzida zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda tashkil etilgan.
Kurs dasturi prokuratura faoliyatining umumiy masalalari, shuningdek umumiy yurisdiksiya sudlarida va ma’muriy sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash, sud qarorlari ijrosining xususiyatlariga oid masalalarni qamrab olgan bo‘lib, tinglovchilarning mazkur yo‘nalishlardagi nazariy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Har o‘quv haftasining yakuni bo‘yicha sinxron o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilib, haftalik o‘zlashtirishni monitoring qilib borish bilan birga, mavzu doirasidagi savollarga tushuntirishlar berib borilmoqda.
Malaka oshirish kursining yakuniy bosqichida tinglovchilarning masofadan o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari bevosita auditoriya mashg‘ulotlari jarayonida trening hamda o‘qitishning interfaol uslublaridan foydalangan holda, muammoli-vaziyatli holatlarni tahlil qilish va kazuslar yechimini topish vositasida mustahkamlanib, tinglovchilarning kurs dasturini o‘zlashtirish darajasi baholanadi.