Bosh prokuratura Akademiyasi magistratura tinglovchilarining O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Senatiga “Prokuratura organlarining qonun ijodkorligidagi ishtiroki” moduli doirasida tashrifi tashkil etildi.
Tashrif davomida tinlovchilar Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi N.Umarov, rais o‘rinbosari Sh.Cho‘lliyev hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari D.Toshmuhammedovalar ishtirokidagi “Qonunlar ijrosidagi muammolar” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdilar. Suhbat davomida joriy yilda Senat tomonidan ko‘rilayotgan asosiy masalalar, xalq vakillarining qonunlarni muhokama qilish jarayonidagi faoliyati, qonunlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida qonunlar ijrosini ta’minlash, yuridik kadrlarni tayyorlashda Parlament bilan ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, qonun ijodkorligi yo‘lida nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirishning ahamiyati ta’kidlandi.
Kunning ikkinchi yarmida tinglovchilarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sh.Polvanov hamda deputat Sh.Tuxtashevlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda deputatlar va tinglovchilar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonuni va uning ishlash mexanizmi keng muhokama qilindi.
Tadbir davomida tinlovchilarga Parlament palatalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, vakolatlari hamda huquq va majburiyatlari to‘g‘risida tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga senator va deputatlardan asoslantirilgan javoblar oldilar.