O‘qitishning amaliy xususiyati va prokuratura organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog‘liqlikni ta’minlash maqsadida Akademiya magistraturasi tinglovchilarining hududiy prokuratura organlariga o‘quv-amaliy tashrifi muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 7 aprel kuni Magistratura tinglovchilarining navbatdagi o‘quv-amaliy tashrifi Bektemir tumani prokuraturasi va tuman prokurori boshchiligidagi hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorda bo‘lib o‘tib, tinglovchilar tuman prokuraturasi va sektori faoliyatiga doir ma’lumot hamda hududda istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga oid rejalar bilan yaqindan tanishdilar.
O‘quv-amaliy tashrif doirasida tinglovchilar Bektemir tumanida joylashgan iqtisodiy ishlab chiqarish kompleksi bo‘lgan “Coca-Cola” kompaniyasiga tashrif buyurib, mahsulot ishlab chiqarish hamda uni bozorga sotuvga tayyorlash to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida tinglovchilar tumanning ishlab chiqarish salohiyati, aholi yashash darajasini ko‘tarish borasida qilinayotgan ishlar hamda xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tadbirlar taqdimoti bilan tanishdilar.