BOSH PROKURATURA AKADEMIYASI MAGISTRATURASIGA KIRISH IMTIHONLARI HAQIDA

BOSH PROKURATURA AKADEMIYASI MAGISTRATURASIGA KIRISH IMTIHONLARI HAQIDA

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi magistraturasiga 2020/2021 o'quv yili uchun qabul jarayonlarini tashkil etish bo'yicha ishlar davom etmoqda.

Akademiyada magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash o'qitishning amaliy xususiyatiga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarining kasbiy faoliyati bilan uzviy bog'liqlikka tayangan holda amalga oshiriladi.

Akademiya magistraturasida joriy o'quv yilida tahsil olish uchun jami 300 dan ortiq nomzodlar (shundan tashqi nomzodlar – 153 nafar) hujjat topshirgan bo'lib, dastlabki bosqichda ichki nomzodlarning imtihonlarda ishtiroki masalasi prokuratura organlari attestatsiya komissiyalarida ko'rib chiqildi, ayrim mutaxassisliklar bo'yicha bitta o'ringa nomzodlar soni 10 nafardan ortiqni tashkil etadi.

Kirish imtihonlari yozma imtihon va suhbatdan tashkil topadi. Yozma imtihon huquqiy mavzuda esse va chet tili bo'yicha test savollaridan iborat.

Imtihonni o'tkazishda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash maqsadida:

 chet tili bo'yicha test savollari Davlat test markazi tomonidan tuzilib, markaz tomonidan imtihon o'tkaziladi va javoblari baholanadi;

– imtihon jarayoni videokuzatuv ostida real vaqt rejimida translyatsiya qilinadi;

– yozma imtihonga, imtihon javoblarini tekshirishga va suhbat bo'yicha komissiya faoliyatiga boshqa idoralar vakillari kuzatuvchilar va mutaxassislar sifatida jalb qilinadi;

– imtihon biletlari avtomatik tarzda elektron generatsiya qilinadi;

– har bir nomzodga identifikatsion raqam beriladi va imtihon javoblari to'liq shifrlanadi.

Imtihon o'tkaziladigan joyga kirishdan oldin nomzodlarning tana harorati o'lchanib, har bir nomzod alohida tibbiy qo'lqop va niqob hamda suv bilan ta'minlanadi, ularga kerakli kanselyariya 
tovarlari beriladi.

Yozma imtihon o'tkaziladigan vaqt va joy. Chet tili bo'yicha imtihon va huquqiy mavzuda esse 15-20 sentyabr kunlari oralig'ida Toshkent shahri, Olmazor tumani, Keles yo'li ko'chasida joylashgan “G'alaba” bog'i hududidagi yopiq sahna maydonida o'tkazilishi rejalashtirilgan. Imtihon soat 08.00 da boshlanadi. Nomzodlar imtihon boshlanishidan 30 daqiqa oldin imtihon o'tkaziladigan joyga yetib kelishlari shart. Imtihon o'tkazish aniq sanasi haqida qo'shimcha ravishda xabar beriladi.

Kirish imtihonlari o'tkaziladigan kuni kunning birinchi yarmida dastlab chet tili bo'yicha, keyin esa mutaxassislik fanlari bo'yicha imtihon o'tkaziladi.

Kirish imtihonlarini topshirish uchun nomzodlar shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan belgilangan vaqt va joyga kelishlari lozim.

Belgilangan vaqtdan kech qolgan nomzodlar imtihonga kiritilmaydi, shuningdek kelmagan nomzodlar uchun qo'shimcha imtihon o'tkazilmaydi va bunday nomzodlarga tegishli imtihon uchun “0” ball qo'yiladi.

Imtihon kuni tana harorati yuqori bo'lgan nomzodlarning imtihonda ishtiroki masalasi tibbiyot xodimlari xulosasiga binoan hal etiladi.

Imtihon kuni auditoriyaga o'quv adabiyoti, lug'at, ma'lumotnoma, jadval, konspekt, yozuv daftari, qog'oz yoki elektron shakldagi shpargalkalar, normativ-huquqiy hujjatlar, aloqa vositalari, audio, foto va video yozish qurilmalarini olib kirish hamda ulardan foydalanish taqiqlanishi ma'lum qilinadi.

Chet tili bo'yicha yozma imtihon 40 ta savoldan iborat bo'lib, 2 qismga bo'linadi:

– 1-bo'lim: O'qish (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1,5 ball beriladi;

– 2-bo'lim: Leksik va grammatik kompetentsiyalar (20 ta savol), har bir to'g'ri javob uchun 1 ball beriladi.

Testni bajarish uchun 1 soat 20 daqiqa, javoblarni javob varaqasiga ko'chirish uchun 10 daqiqa, jami 1 soat 30 daqiqa vaqt ajratiladi.

Milliy sertifikat yoki xalqaro sertifikatlarning quyidagi darajalariga ega bo'lgan nomzodlarga chet tilidan imtihonlarsiz maksimal ball beriladi:

ingliz tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5.5), Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

nemis tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD), Test Deutsch als Fremdsprache (Test DAF) xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

frantsuz tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Diplome d'Etudes en Langue Francaise (DELF), Test de Connaissance du Francais (TCF) xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

yapon tili uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;

boshqa tillar uchun – B2 va undan yuqori darajadagi milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari bo'yicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori.

Yozma imtihonda nomzoddan huquqiy mavzuda 1 ta esse yozish talab etiladi va bunga 2 soat vaqt ajratiladi. Esse javobi 100 ballik tizimda baholanadi.

Yozma imtihon savollari (esse mavzulari) hamda suhbat savollari biletlari Bosh prokuratura Akademiyasining rasmiy veb-saytida e'lon qilindi.

Esse natijalariga ko'ra 56 va undan yuqori ball to'plagan nomzodlar kirish imtihonlarining keyingi bosqichi – suhbatga kiritiladi.

Yozma imtihon va suhbat natijalaridan norozi bo'lgan nomzodlar javoblar Akademiya rasmiy veb-saytida e'lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni davomida apellyatsiya komissiyasiga Akademiyaning rasmiy elektron pochtasi info@procademy.uz orqali shikoyat berish huquqiga ega.

Shikoyatlar apellyatsiya komissiyasi tomonidan ikki ish kuni ichida ko'rib chiqiladi va natijasi haqida nomzodning elektron pochtasiga xabarnoma yuboriladi.

Nomzodlar kirish imtihonlari bilan bog'liq barcha yangiliklar haqida Akademiyaning rasmiy veb-sayti (www.proacademy.uz) va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari (https://t.me/ProsecutorAcademy, www.facebook.com/ProsecutorAcademy, www.instagram.com/proacademyuz) orqali tanishib borishlari mumkin.

Kirish imtihonlariga oid qo'shimcha ma'lumot olmoqchi bo'lgan nomzodlar uchun har kuni onlayn konsul`tatsiyalar o'tkazilmoqda. Buning uchun ular 71-202-04-96 (ichki 1775; 1795) telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.

Shuni ham aytib o'tmoqchimizki, pandemiya sharoitida aholining to'lov qobiliyati pasayishini hisobga olib, 2020/2021 o'quv yilida to'lov-kontrakt miqdori o'tgan yilga nisbatan 10 foizga pasaytirildi va hozirda stipendiyasiz to'lov-kontrakt miqdori 9.537.528 so'mni tashkil etadi.

Bosh prokuratura Akademiyasining jamoasi nomzodlarga kirish imtihonlari davomida zarur sharoitlarni yaratib berishga qaratilgan barcha choralarni ko'radi va ularga omad tilab qoladi.