Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Mazkur faoliyat doirasida Akademiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi xodimlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha samarali idoraviy chora-tadbirlar tashkil etilishini ta’minlash” mavzusida qisqa muddatli masofaviy malaka oshirish kursi o‘tkazildi.
Masofaviy kursda ishtirok etgan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining rahbar xodimlari korrupsiya tushunchasi, shakllari va sabablari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida komplayens-nazorat tizimining o‘rni va ahamiyati, korrupsiyaviy xavf-xatarlar, manfaatlar to‘qnashuvi va uni oldini olish masalalari, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalari va korrupsiya uchun javobgarlik kabi mavzularda o‘z bilim va malakalarini oshirishdi.
O‘quv kursini ijobiy tamomlagan tinglovchilarga belgilangan namunadagi sertifikatlar taqdim etildi.
Hozirda O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va uning tizimidagi tashkilotlarning boshqa xodimlarini masofaviy shaklda o‘qitish ishlari davom etmoqda.