Bosh prokuratura tomonidan yangi tuzilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga ko'maklashish borasida ishlar davom ettirilmoqda.
Jumladan, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to'qnashuvini deklaratsiya qilish to'g'risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish uchun Jahon banki va BMTning Narkotik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasining O'zlashtirilgan aktivlarni qaytarish bo'yicha (“StAR”) qo'shma tashabbusi doirasida Akademiyada amalga oshirilayotgan loyiha bo'yicha xalqaro ekspertlar jalb etildi.
Joriy yilning 2 sentyabr kuni videokonferensaloqa orqali xalqaro ekspertlar yordamida ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasining kontseptsiyasi muhokamasiga bag'ishlangan ishchi yig'ilishi tashkil etildi.
Agentlik direktori A.Burxanov ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda Jahon banki vakili L.Pop, xalqaro ekspert D.Kotlyar, Bosh prokuraturaning tegishli boshqarmalari vakillari hamda Akademiya rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida qonun loyihasining tuzilishi, uning asosiy qoidalari, korrupsiyaga qarshi kurashga oid boshqa qonunlar bilan o'zaro aloqasi muhokama qilinib, uni ishlab chiqish bo'yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.
Shuningdek, 3 sentyabr kuni Akademiya vakillari Agentlik tomonidan mazkur qonun loyihasini ishlab chiqish bo'yicha tashkil etilgan ishchi guruhning yig'ilishida ishtirok etishib, unda konsepsiya va loyihaga taalluqli fikr-mulohazalarni bildirishdi.