Bosh prokuratura Akademiyasida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalarining tezkor xodimlari ishtirokida “Tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirish masalalari” mavzusida qisqa muddatli malaka oshirish kursining o‘quv mashg‘ulotlari nihoyasiga yetdi.
O‘quv kursi joriy yilning 16-27 may kunlari Akademiyada kunduzgi ta’lim shaklida tashkil etildi. O‘quv mashg‘ulotlariga Akademiya professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda Departamentning tajribali mutaxassislari ham jalb qilindi.
Kurs dasturidan tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazishni tashkil etish tushunchasi, mohiyati, jinoyatchilikka qarshi kurashda ularning tutgan o‘rni, tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish tartibi, ularni o‘tkazish asoslari va shartlari, tezkor-qidiruv tadbirlari natijalaridan jinoyat protsessida foydalanish, poraxo‘rlik jinoyatlarini fosh etish bo‘yicha o‘tkaziladigan tezkor-qidiruv tadbirlari masalalariga oid nazariy, amaliy va imitatsion mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
Shuningdek tinglovchilar tezkor-qidiruv faoliyati ustidan idoraviy va prokuror nazoratini tashkil etish, jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasida kasbiy kompetensiyalarini takomillashtirish imkoniga ega bo‘lishdi.