Bosh prokuratura Akademiyasi ilmiy-ta’lim salohiyatini oshirish, shuningdek malakali kadrlar tayyorlash borasida tajriba almashinish maqsadida idoralararo hamkorlikni izchillik bilan kengaytirib bormoqda.
Navbatdagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum 2022 yil 13 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti bilan imzolandi.
Tadbirda Akademiya va Institut rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari jamoasi ishtirok etdi.
Tadbir davomida tomonlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan konstruktiv muloqot davomida hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, kelgusidagi eng muhim yo‘nalishlari belgilab olindi.
Xususan, ushbu tashabbus doirasida axborot-resurs markazlari fondidan o‘zaro foydalanish imkoniyatini yaratish, tomonlarning axborot-resurs markazlarini professor-o‘qituvchilar tomonidan yaratilgan darslik, o‘quv qo‘llanmalari va ularning elektron shakli bilan boyitib borish, shuningdek, boshqa loyihalarni ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Memorandumning imzolanishi ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga yangi kuch berib, ilmiy tadqiqotlarni yanada rag‘batlantirishga ulkan hissa qo‘shadi.