“Fuqarolik protsessual huquqining dolzarb muammolari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

“Fuqarolik protsessual huquqining dolzarb muammolari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida yuridik ta’lim sohasida o‘zining maktabini yaratgan ulug‘ alloma, protsessualist olim Eminjon Egamberdiyevning 80 yilligi munosabati bilan “Fuqarolik protsessual huquqining dolzarb muammolari” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda yuridik sohada faoliyat yuritayotgan yetuk olimlar, akademiklar, fan arboblari, yosh tadqiqotchilar, Akademiya professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, magistratura tinglovchilari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

Konfrensiyada yuridik fanlar doktori, professor E.Egamberdiyevning yuridik ilm-fan borasidagi ma’naviy merosi hozirgi kunda yuridik sohada kadrlarni tayyorlashda, ularning malakasini oshirishda va boshqa ko‘plab jabhalarda munosib hissa qo‘shib kelayotganligi e’tirof etildi. 

Bevosita prokuratura organlarida ham olim tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar davom ettirilib, fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki, uning zaruriyati, prokurorning huquqiy maqomi va uning tashkiliy-huquqiy asoslariga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olimning bevosita prokuratura organlarida ishlayotgan shogirdlari tomonidan davom ettirilmoqda. 

Bosh prokuratura Akademiyasida Sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash kafedrasida “Fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash” o‘quv moduli doirasida prokuratura organlari xodimlarining malakasi oshirib kelinmoqda. 

Shu bilan birga Akademiyada 12.00.04 – “Fuqarolik protsessual huquqi. Iqtisodiy protsessual huquqi. Hakamlik jarayoni va mediatsiya” ixtisosligi bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyati ham yo‘lga qo‘yilib, hozirda o‘ndan ortiq prokuratura organlari xodimlari tomonidan fuqarolik protsessual huquqi va fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror ishtiroki bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. 

Konfrensiya yakunlari bo‘yicha fuqarolik protsessual huquqining dolzarb muammolari, ularning yechimlari hamda qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.