O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF–5438 son Farmoniga muvofiq, Bosh prokuratura Akademiyasiga prokuratura organlari faoliyatini psixologik jihatdan ta’minlash, prokuratura organlaridagi ma’naviy-psixologik muhitni o‘rganish va uni yaxshilash yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Buxoro viloyati prokuraturasi tashabbusi bilan Akademiyaning psixologik ta’minlash bo‘limi tomonidan aholi bilan muloqot davomida yuzaga keluvchi nizoli va keskin vaziyatlarni boshqarishga yo‘naltirilgan “Konflikt-menejment” mavzusida trening dasturi ishlab chiqildi.
2022 yilning iyun oyi davomida Buxoro viloyati va viloyatning tuman prokuraturalari xodimlari uchun treninglar o‘tkazildi. Treningda murojaatchilar bilan muloqot davomida yuzaga keluvchi ziddiyatli vaziyatlarni boshqarish, nizoli vaziyatlarni yumshatish bo‘yicha birlamchi ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mazkur trening mashg‘ulotlari Xorazm, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahri prokuraturalari xodimlari ishtirokida ham tashkil etildi.
Trening davomida olingan bilimlar va shakllangan ko‘nikmalar prokurorlarning kundalik kasbiy faoliyatini samarali bajarishda ham foydali bo‘ladi.