O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasida prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursi yakunlandi.
Kurs dasturi prokuror-tergov va tahliliy ishlarni yuritish, norma ijodkorligi faoliyatida ishtirok etish yuzasidan kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga, shuningdek, ishni tashkil etishning innovatsion shakllari va metodlarini hamda boshqaruv asoslarini o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan.
Ushbu qayta tayyorlash kursi ham mazmunan, ham ilmiy-metodik jihatdan yangicha yondashuvlar asosida, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalaridan, xorijiy innovatsion tajribalardan foydalangan holda tashkil etildi.
O‘quv jarayonida professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda milliy va xorijiy ekspertlar, Parlament, vazirliklar, idoralar, ilmiy, ta’lim muassasalari va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.
Kurs davomida tanlangan dolzarb mavzular asosida tinglovchilar tomonidan tadqiqot ishlari olib borilib, ularning asosiy natijalari kurs yakunida imtihon komissiyasi huzurida himoyaga olib chiqildi.