2022 yil 12 avgust kuni Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasini 2021/2022 o‘quv yilida tamomlagan magistrlarga hamda rahbarlik lavozimlarni egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kursi bitiruvchilariga diplomlar topshirish marosimi o‘tkazildi.
Tadbirda Bosh prokuratura, Akademiya rahbariyati va xodimlari, rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursi bitiruvchilari, magistrlar va ularning ota-onalari, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yuldashev kirish so‘zi bilan ochib, Akademiyaning magistrlarini, shuningdek prokuratura organlarida rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada turgan kadrlarni kasbiy qayta tayyorlash kurslari bitiruvchilarini Bosh prokuratura rahbariyati nomidan samimiy tabrikladi hamda Akademiyada fan, ta’lim va amaliyotning uzviy bog‘liqligi tamoyili asosida kadrlar tayyorlashni tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlarini qayd etib o‘tdi.
Xususan, Akademiyada xalqaro andozalar asosida yuqori sifatli kasb-hunar ta’limi olish uchun ham, huquqshunoslikning noyob va dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish uchun ham zamonaviy sharoitlar yaratilgani alohida ta’kidlandi.
Akademiya rahbari Ye.Kolenko bitiruvchilarning Lund universitetida (Shvetsiya) akademik mobillik dasturlari bo‘yicha muvaffaqiyatli ta’lim olish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish va ilmiy maqolalar chop etish, seminarlar, konferensiyalarda qatnashish kabi alohida yutuqlarini qayd etib o‘tdi.
Akademiya bitiruvchilariga butun mehnat faoliyatlari davomida o‘z malakalarini oshirib borish va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishlarini tavsiya qildi.
40 nafar magistratura bitiruvchilariga “Huquq magistri” diplomi hamda rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kursining 15 nafar bitiruvchilariga kasbiy qayta tayyorlash diplomi va ko‘krak nishonlari topshirildi.
Shuningdek, yakuniy davlat attestatsiya sinovi hamda magistrlik dissertatsiyasi himoyasini muvaffaqiyatli o‘tib, alohida ijobiy yutuqlarni qo‘lga kiritgan ikki nafar magistrga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Akademiya bitiruvchilari va ularning ota-onalari ushbu ta’lim dargohida kasbiy bilim va ko‘nikmalarni oshirish, ilmiy faoliyat olib borish borasida yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni yuqori baholab, Bosh prokuratura hamda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilariga chuqur minnatdorchilik izhor qildilar.