Jinoyatlar sodir etilishi sabablarini aniqlash va jinoyatchilik statistikasini takomillashtirish masalalaridagi xalqaro hamkorlik

Jinoyatlar sodir etilishi sabablarini aniqlash va jinoyatchilik statistikasini takomillashtirish masalalaridagi xalqaro hamkorlik

2022 yil 15 sentabr kuni Yaponiya Adliya vazirligi Tadqiqot va malaka oshirish instituti delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasiga tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Jinoyatlar sodir etilishining sabab va sharoitlarini o‘rganish hamda diagnostika qilish, jinoyatchi va jabrlanuvchilarning shaxsi bo‘yicha ilmiy-amaliy izlanishlar olib borish kabi Akademiyaning tahliliy faoliyati borasidagi masalalarda o‘zaro tajriba almashinish, bu borada o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada kengaytirish maqsadida ikki tomonlama uchrashuv tashkil etildi.

Hamkorlar Akademiyaning Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va o‘rganish markazi faoliyati bilan, shuningdek, innovatsion ta’lim texnologiyalari va axborot-kommunikatsiya imkoniyatlarini joriy etgan holda ilm-fan, ta’lim va amaliyot yaxlitligiga asoslangan zamonaviy ilmiy-ta’lim muhitini yaratish borasidagi Akademiya tajribasi bilan tanishdilar. 

Tomonlar jinoyatlar sodir etilishi sabablarini tahlil qilish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot va  tahliliy faoliyatni kengaytirish, bunda qo‘llaniladigan insturmentlar va metodikalar borasida tajriba almashinishni yanada rivojlantirish borasida kelishib oldilar.

Tashrif doirasida shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ularning ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida bir qator xalqaro va idoralararo tadbirlar rejalashtirilgan.