Shaxs huquqlarini sud orqali himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan malaka oshirish kursi

Shaxs huquqlarini sud orqali himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan malaka oshirish kursi

Bosh prokuratura Akademiyasida shaxs huquqlarini sud orqali himoya qilish va ushbu jarayonda prokuror roli masalalari bo‘yicha tuman (shahar) prokurorlari yordamchilari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning malakasini oshirish kursi yo‘lga qo‘yildi.

Kurs dasturi shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish, ma’muriy sudlar hamda iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ishlarni ko‘rish xususiyatlari va tegishli toifadagi ishlarni ko‘rishda prokuror ishtirokining muhim jihatlarini o‘z ichiga oladi.

O‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarga ushbu sohadagi qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar, shaxs huquqlarini sud orqali samarali himoya qilish mexanizmlari tushuntiriladi hamda huquqni qo‘llash amaliyotidagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari ko‘rib chiqiladi.

Tasdiqlangan dastur asosida o‘tkazilayotgan o‘qitishning masofaviy shaklida har o‘quv haftasining yakuni bo‘yicha tashkillashtirilishi nazarda tutilgan sinxron o‘quv mashg‘ulotlari davomida haftalik o‘zlashtirishni monitoring qilib borish bilan birga, amaldagi qonunchilik talablari hamda mavzu doirasidagi savollarga tushuntirish berish rejalashtirilgan.

Kursining yakuniy bosqichida tinglovchilarning masofadan o‘zlashtirgan bilim va ko‘nikmalari bevosita auditoriya mashg‘ulotlari jarayonida o‘qitishning interfaol uslublari hamda treningdan foydalangan holda, muammoli-vaziyatli holatlarni tahlil qilish va kazuslar yechimini topish vositasida mustahkamlanadi.