Bosh prokuratura Akademiyasida Dark Web laboratoriyasi ochildi

Bosh prokuratura Akademiyasida Dark Web laboratoriyasi ochildi

2022 yil 17 oktabr kuni Akademiyada YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi ko‘magida tashkil etilgan Dark Web laboratoriyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari E.T.Yuldashev, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori v.b. Xans-Ulrix Im, YEXHT Kotibiyati vakili Yuray Nosal, Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i Ye.V. Kolenko, shuningdek, respublika huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari ishtirok etdi.

Akademiya va YEXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari natijasida chuqur va yashirin Internet tarmoqlarida ishlashda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga, shuningdek, tegishli raqamli dalillarni qidirish va qayd etishga yordam beruvchi respublikada ilk Dark Web o‘quv laboratoriyasi tashkil etildi.

Laboratoriya zamonaviy kompyuter va tarmoq uskunalari, jumladan, Internet tarmog‘ining yashirin segmentida ishlash uchun zarur dasturiy ta’minot bilan ta’minlangan.

Bu Akademiyaning jinoyatchilikka, jumladan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning zamonaviy texnologiyalarini o‘rganish, kibermakondagi zamonaviy chaqiriq va tahdidlarga faol javob berish bilan bog‘liq uslubiy va tahliliy faoliyati bo‘yicha salohiyatini sezilarli darajada kuchaytirdi.

Yangi ochilgan Dark Web laboratoriyasi negizida kriptovalyutalar va Darknet tarmog‘idan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha treninglar turkumi boshlandi.