Yuridik fanlar doktori, akademik A.X.Saidov mas’ul muharrirligi ostida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi, Bosh prokuratura Akademiyasi, IIV Akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti mutaxassislaridan iborat mualliflar jamoasi tomonidan “O‘zbek yuridik atamalarining izohli lug‘ati” tayyorlandi va nashrdan chiqarildi.
3500 dan ortiq yuridik atamalarni o‘zida jamlagan ushbu izohli lug‘atda huquqiy amaliyot va nazariya, turdosh bo‘lgan boshqa fan yo‘nalishlarida keng qo‘llaniladigan huquqiy, tarixiy va zamonaviy atamalar ham o‘rin olgan. Lug‘at so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida sohaga kiritilgan atamalarning ta’riflari ham o‘z ichiga oladi.
Mazkur nashr lug‘atshunoslikning ilmiy talablari va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda tayyorlangan bo‘lib, huquqshunoslik sohasidagi talabalar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar, davlat xizmatchilari, deputatlik korpusi, o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar, shuningdek, keng kitobxonlar ommasi uchun foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.