2022 yil 17-21 oktabr kunlari Bosh prokuratura Akademiyasi tomonidan YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi bilan hamkorlikda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati vakillari ishtirokida kriptovalyutalar va Darknet tarmog‘idan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish masalalari bo‘yicha trening tashkil etildi.
Trening dasturi kiberjinoyatchilik sohasida ta’lim va o‘qitish bo‘yicha Yevropa guruhi (ECTEG) tomonidan ishlab chiqilgan materiallarga asoslangan bo‘lib, soha mutaxassislari uchun tarmoqlararo hamkorlik, anonimlik va raqamlashtirish, Darknet va Tor tarmog‘ida raqamli dalillarni izlash va olib qo‘yish usullari sohasidagi asosiy konsepsiyalar va muhim tendensiyalarga oid bir qator dolzarb masalalarni o‘z ichiga oladi.
Trening ishtirokchilari amaliy mashg‘ulotlar davomida kriptovalyutalarni olib qo‘yish, blokcheyn texnologiyasining ishlashini tahlil qilish va Darknet tarmog‘ida raqamli izlarni qidirish bo‘yicha yondashuv va usullarni ishlab chiqdilar.
Tadbir Akademiyada YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi ko‘magida bir necha kun avval ochilgan Dark Web laboratoriyasi negizida tashkil etilgan birinchi trening bo‘ldi.
Akademiya tomonidan kiberjinoyatlar bo‘yicha mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan o‘quv tadbirlari tizimli asosda amalga oshiriladi.