Tuman (shahar) prokurorlari o‘rinbosarlari uchun malaka oshirish kursi boshlandi

Tuman (shahar) prokurorlari o‘rinbosarlari uchun malaka oshirish kursi boshlandi

Bosh prokuratura Akademiyasida tuman (shahar) prokuror o‘rinbosarlari uchun “Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni tashkil etish” mavzusida o‘qitishning aralash shaklidagi malaka oshirish kursi o‘z ishini boshladi.

O‘quv kursining ochilishida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.B.Valiyev ishtirok etib, ushbu o‘quv kursining o‘tkazish zaruriyati, kursning maqsad va vazifalari hamda qonun ustuvorligi, inson huquqlari va jamoat xavfsizligini ta’minlashda xodimlarning doimiy malakasini oshirishning ahamiyatini qayd etdi.

Shuningdek, ochilishda Bosh prokuratura Akademiyasi boshlig‘i Ye.V.Kolenko, Ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i B.B.Babadjanov, boshqarmaning boshqa xodimlari, Akademiya mas’ul xodimlari va professor-o‘qituvchilari qatnashishdi.

Videokonferensaloqa vositasida viloyat prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning o‘rinbosarlari, tuman (shahar) prokurorlari o‘rinbosarlari, shuningdek, ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat tarmoqlari xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur malaka oshirish kursi tinglovchilarda ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini tashkil etish, xususan, ichki ishlar organlarida jinoyatga oid arizalar, xabarlarni ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha protsessual tartibning ijrosi hamda qabul qilinayotgan qarorlar qonuniyligi ustidan nazorat, surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatida qonunlarga rioya etilish ustidan nazorat, tezkor-qidiruv faoliyati ustidan nazorat, huquqbuzarlik profilaktikasiga oid qonunlar ijrosi ustidan nazoratni tashkil etishga oid nazariy bilimlarini, shuningdek ularni qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘quv kursining masofaviy qismini tugatgandan so‘ng, tinglovchilar olingan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida Akademiyada kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishni davom ettiradilar.