Tinglovchilarning inson huquqlariga doir nazariy va amaliy bilimlarini oshirish Bosh prokuratura Akademiyasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Akademiyada tashkil etilayotgan o‘quv kurs dasturlari inson huquq va erkinliklari himoyasiga doir o‘quv mashg‘ulotlarini o‘z ichiga oladi.
Ijtimoiy va iqdisodiy qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini ta’minlashning dolzarb masalalari bo‘yicha o‘tkazilayotgan malaka oshirish kursi tinglovchilari uchun 2022 yil 16 noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “Inson huquqlarini himoya qilishda milliy institutlarning tutgan o‘rni” mavzusida navbatdagi sayyor trening o‘tkazildi.
Mazkur treningda tinglovchilar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining inson huquqlari himoyasini ta’minlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnoma va kovensiyalarning ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining milliy hisobotini tayyorlash borasidagi faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ushbu sayyor trening tinglovchilarning O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari himoyasini ta’minlovchi milliy institutlar haqidagi amaliy va nazariy bilimlari oshishiga xizmat qildi.